Bravo Orchestra — 2016-yilda tashkil etilgan Oʻzbekistonning zamonaviy simfonik orkestrlaridan biri. Jamoa 50 nafardan ortiq professional musiqachilarni birlashtiradi va oʻzining noyob ijro uslubi bilan ajralib turadi: orkestr ko‘pincha dirijyorsiz va nota pultlarisiz chiqish qiladi. Jamoaning asosiy tamoyili — fonogrammadan foydalanmasdan, faqat jonli ijro etish.
Orkestr kino va seriallar saundtreklariga bagʻishlangan konsertlari, turk seriallari musiqalari asosidagi maxsus dasturlari hamda «Cinema Music» va «Candle Fire» kabi yirik loyihalari bilan mashhur. Jamoa Oʻzbekiston boʻylab faol gastrol safarlarida ishtirok etadi.
Repertuaridan Pirates of the Caribbean, Gladiator, Game of Thrones, Mission: Impossible, The Godfather, Harry Potter filmlari va seriallari musiqalari, shuningdek Muhteşem Yüzyıl, Kara Sevda, Yalı Çapkını kabi mashhur turk seriallari kuy-qoʻshiqlari oʻrin olgan.
Orkestr Oʻzbekistonning turli shaharlarida muntazam konsertlar berib, klassik va zamonaviy orkestr musiqasini keng ommaga targʻib qilib kelmoqda. Qoʻqon, Samarqand, Toshkent va boshqa shaharlardagi chiqishlari katta qiziqish uygʻotib, koʻplab tomoshabinlarni jamlaydi.
Bugungi kunda Bravo Orchestra mamlakatning eng taniqli musiqiy jamoalaridan biri bo‘lib, yuqori ijrochilik mahorati, zamonaviy konsert formatlari va jonli san’atga bo‘lgan muhabbatni muvaffaqiyatli uyg‘unlashtirib kelmoqda.