Yozilgan soch turmagi — kelinlar orasida eng mashhur variantlardan biri. U romantik, tabiiy va juda nafis ko‘rinadi. Lekin qanchalik chiroyli bo‘lmasin, aynan shu turdagi soch turmaklari eng injiq variantlardan hisoblanadi.
Asosiy muammo shundaki, yozilgan soch kun davomida ideal shaklini yig‘ilgan turmaklarga qaraganda ancha qiyin saqlaydi. Ayniqsa to‘y ochiq havoda bo‘lsa. Shamol, namlik, issiq havo va faol harakat soch turmagini tez buzishi mumkin.
Tabiat qo‘ynidagi, basseyn yonidagi yoki dengiz bo‘yidagi to‘ylarda namlik sabab soch hajmini yo‘qotadi, og‘irlashadi va shamolda tez yoyilib ketadi. Agar to‘y dasturida ko‘p raqs va faol o‘yin-kulgi bo‘lsa, turmak ilk soatlardanoq shaklini yo‘qotishi ehtimoli juda yuqori.
Albatta, professional stilist soch uzoq vaqt chiroyli turishi uchun kerakli fiksatsiyani qiladi. Lekin yozilgan soch tanlayotganda ob-havo va tashqi muhit ta’sirini baribir hisobga olish kerak.
Agar sizda камер registratsiya, to‘y kechki ovqati yoki sokin formatdagi marosim rejalashtirilgan bo‘lsa, yozilgan soch ajoyib tanlov bo‘ladi. Ammo shovqinli bazm yoki ochiq havodagi to‘y uchun ko‘plab kelinlar fotosessiyada yozilgan sochni tanlaydi, asosiy marosimda esa bo‘yni ochiq qoldiradigan va yanada mustahkam turadigan turmaklarga ustunlik beradi.
Yozilgan soch kimlarga yarashadi?
Yozilgan turmaklar eng ko‘p oval yuz shakliga ega qizlarga mos tushadi. Bu yuz turi eng universal hisoblanadi: unga deyarli barcha variantlar — tekis soch, jingalaklar, yengil to‘lqinlar, yon ajrim yoki yarim yig‘ilgan turmaklar juda yaxshi yarashadi.
Yuraksimon yoki to‘g‘ri to‘rtburchak yuz shaklida esa yon ajrimli turmaklar ayniqsa chiroyli ko‘rinadi. Ular yuz chiziqlarini yumshatadi va obrazni yanada muvozanatli qiladi.
Tabiiy yumshoq to‘lqinlar obrazga yengillik va romantika qo‘shadi hamda yuzni vizual yumshoqroq ko‘rsatadi.
Kelin soch turmagini tanlashda trend ortidan quvishdan ko‘ra, aynan sizning yuz shaklingizga mos variantni topish ancha muhimroq.
Yozilgan soch qaysi yoqalar bilan mos tushadi?
Soch turmagi tanlashdagi eng muhim jihatlardan biri — kelinlik fasoni, ayniqsa yelka va dekolte zonasidir.
Yozilgan soch eng yaxshi quyidagilar bilan uyg‘unlashadi:
bretesiz kelinliklar;
V shaklidagi yoqa;
U shaklidagi yoqa;
kvadrat dekolte;
ochiq yelkali modelllar.
Bunday fasonlar bo‘yin va yelkani ochiq qoldirgani uchun soch obraz bilan uyg‘un ko‘rinadi va uni og‘irlashtirmaydi.
Ammo yopiq yoqalarda yozilgan soch ko‘pincha ortiqcha og‘ir ko‘rinishi mumkin.
Bu ayniqsa:
tik yoqa;
halter yoqa;
qayiqcha yoqa uchun tegishli.
Bunday hollarda soch kelinlik detallarini yopib qo‘yadi va yuqori qismni vizual og‘irlashtiradi.
Xuddi shu holat uzun yoki ¾ yengli kelinliklarda ham kuzatiladi — to‘liq yozilgan soch har doim ham muvaffaqiyatli ko‘rinmaydi.
Asosiy qoida shuki: soch turmagi kelinlikni to‘ldirishi kerak, u bilan “raqobatlashmasligi” kerak. Soch dekolte, orqa qism yoki yenglarning chiroyli detallarini yopib qo‘ymasligi lozim.
Yozilgan kelin soch turmaklari qanday bo‘ladi?
Yozilgan turmak deganda faqat butunlay erkin tushirilgan soch nazarda tutilmaydi. Bunga orqa tomonda yengil yig‘ilgan yarim turmak variantlari ham kiradi.
Eng mashhur variantlar:
yumshoq jingalaklar;
romantik yarim yig‘ilgan turmaklar;
yon ajrimli turmaklar;
o‘rimli boho uslubidagi sochlar;
grek uslubidagi turmaklar.
Ayniqsa uzun sochli kelinlar orasida yozilgan to‘lqinli turmaklar juda mashhur. Katta yoki tabiiy to‘lqinlar obrazni yanada hajmli, jonli va effektli qiladi.
Boho uslubidagi o‘rimli turmaklar esa ayniqsa tabiat qo‘ynidagi to‘ylarda juda chiroyli ko‘rinadi — ular erkin, romantik va yengil kayfiyat yaratadi.
Yozilgan soch uchun qanday aksessuarlar mos keladi?
Bu yerda balansni saqlash juda muhim. Yozilgan sochning o‘ziyoq bo‘yin va yelka zonasiga hajm beradi, shu sabab ortiqcha aksessuar obrazni og‘irlashtirib yuborishi mumkin.
Agar diadema yoki urg‘uli soch bezagi tanlasangiz:
taqinchoqlarni minimal saqlagan ma’qul;
katta va og‘ir marjonlardan voz kechish kerak.
Yozilgan soch bilan marjon ko‘pincha ortiqcha ko‘rinadi, chunki sochning o‘zi dekolte zonasini to‘ldirib turadi.
Agar soch ikki yelkaga tushirilgan bo‘lsa, ziraklar to‘liq ko‘rinmaydi.
Bunday holatda quyidagilar yaxshiroq ishlaydi:
toshli zakolkalar;
marvarid detallari;
minimalistik shpilkalar;
nafis va ingichka diademalar.
Agar soch bir tomonga tashlab turilsa, ochiq qolgan quloqni uzun yoki urg‘uli ziraklar bilan chiroyli ajratish mumkin — bunday obraz ayniqsa nafis va juda ayollarga xos ko‘rinadi.
