Qayiq yoqa — yelkadan yelkagacha cho‘zilgan nafis va gorizontal yoqa turi hisoblanadi. U yon tomondan qaralganda qayiq shakliga o‘xshagani uchun shunday nom olgan. Bu yoqa turi fransuzcha “Bateau” yoqa nomi bilan ham mashhur.
Qayiq yoqa yelka chizig‘ini chiroyli ta’kidlab, bo‘yin qismiga yanada nafis va didli ko‘rinish beradi. Shu sababli u kelinlik dizaynlarida juda ko‘p qo‘llaniladi. Hatto eng sodda kelinlikni ham yanada qimmatbaho va elegant ko‘rsatishi mumkin.
Modelga qarab yoqaning kengligi va chuqurligi farq qiladi. Ba’zi variantlar yopiqroq va minimal uslubda bo‘lsa, boshqalari yelka tomon kengayib, yanada e’tiborli va zamonaviy obraz yaratadi.
Qayiq yoqali kelinlik kimlarga mos keladi?
Qayiq yoqali kelinliklar ayniqsa:
• nafis bo‘yin chizig‘iga ega kelinlarga;
• yelkasi nozik va tekis qizlarga;
• yuqori qismni vizual ravishda kengroq ko‘rsatishni istaganlarga juda mos keladi.
Bu yoqa turi yelka va bo‘yin qismiga urg‘u bergani sababli, aynan shu hududni ajratib ko‘rsatmoqchi bo‘lsangiz, juda yaxshi tanlov bo‘la oladi.
Ayniqsa “nok” shaklidagi qomat egalari uchun qayiq yoqa juda muvozanatli ko‘rinish yaratadi. Chunki u yelkalarni kengroq ko‘rsatib, son qismi bilan proporsiyani tenglashtiradi.
Ammo yelkalari tabiatan keng bo‘lgan qizlarda qayiq yoqa ularni yanada kattaroq ko‘rsatishi mumkin. Bunday holatda V shaklidagi yoki strapless modellarga ustunlik berish tavsiya etiladi.
Shuningdek, ko‘krak qismi kattaroq bo‘lgan kelinlarda ham qayiq yoqa yuqori qismni yanada hajmli ko‘rsatishi mumkin. Shu sababli bunday qomat uchun odatda V yoqali modelllar tavsiya qilinadi.
Qayiq yoqa bilan mos keladigan yeng modellari
Qayiq yoqa turli yeng modellari bilan juda yaxshi uyg‘unlashadi. Eng mashhur variantlar:
• yengsiz modelllar;
• tushirilgan yelka detallari;
• 3/4 yenglar;
• uzun yengli modelllar;
• qisqa yoki fonarsimon yenglar.
Ayniqsa yengsiz qayiq yoqali baliq bichimdagi kelinliklar juda zamonaviy ko‘rinadi. Bunday modelllar kichik ko‘krakli kelinlarda nafis va muvozanatli siluet yaratadi.
Tushirilgan yelka va fonarsimon yenglar esa yelkalarni kengroq ko‘rsatishni istaganlar uchun ayni muddao.
Kuz va qish mavsumidagi to‘ylarda uzun yengli qayiq yoqali kelinliklar juda elegant tanlov bo‘lishi mumkin.
Qayiq yoqali kelinlik uchun qanday soch turmagi mos?
Qayiq yoqali kelinliklarda eng muhim detallardan biri — soch turmagi tanlovidir. Chunki bu yoqa bo‘yin va yelka qismini asosiy diqqat markaziga aylantiradi.
Shu sababli sochni to‘liq ochib qo‘yish ko‘pincha tavsiya etilmaydi. Ochiq sochlar yoqaning nafis ko‘rinishini yopib qo‘yishi mumkin.
Qayiq yoqa bilan eng mos tushadigan soch turmaklari:
• nafis yig‘ilgan turmaklar;
• ensa turmagi;
• balerina turmagi;
• silliq va yig‘ilgan soch turmaklari.
Aksessuar sifatida esa minimal tokalar, marvarid detallari yoki nafis taroqsimon bezaklar juda yaxshi mos tushadi.
Qayiq yoqa bilan qanday taqinchoqlar taqiladi?
Qayiq yoqali kelinliklarda marjon taqish odatda tavsiya etilmaydi. Chunki yoqaning o‘zi bo‘yin qismiga urg‘u bergani sababli marjon obrazni ortiqcha yuklangan qilib ko‘rsatishi mumkin.
Buning o‘rniga:
• marvarid sirg‘alar;
• nafis bilaguzuklar;
• minimal uzuklar yanada didli ko‘rinadi.
Ayniqsa yengsiz modellarda bilaguzuklar juda nafis ko‘rinish beradi.
Qayiq yoqa bilan mos etak modellari
Qayiq yoqa turli etak bichimlari bilan uyg‘unlashadi. Ammo eng ko‘p uchraydigan variantlar:
• A-siluet kelinliklar;
• malika uslubidagi modelllar;
• baliq bichimdagi kelinliklar;
• to‘g‘ri bichimdagi modelllar.
“Nok” shaklidagi qomat egalari uchun qayiq yoqa va hajmli yubka kombinatsiyasi juda muvozanatli ko‘rinadi.
To‘g‘ri qomatli qizlarda to‘g‘ri bichimdagi qayiq yoqali modelllar juda chiroyli tushadi, “qum soati” qomatida esa baliq bichimdagi qayiq yoqali kelinliklar tana chiziqlarini nafis ta’kidlaydi.
