“Prenses” fasonidagi kelinlik — eng hashamatli va romantik kelinlik modellari qatoriga kiradi. Keng va hajmli yubkasi hamda belni ajratib ko‘rsatadigan bichimi sabab bu fason ertaknamo obrazni orzu qiladigan kelinlar orasida eng mashhur tanlovlardan biri hisoblanadi.
Bu modelda yubka beldan boshlab asta-sekin kengayib boradi va hajm oladi. Yubka qanchalik pufak va hajmli bo‘lsa, “prenses” effekti ham shunchalik yaqqol seziladi. Shu sababli bunday kelinliklar ko‘pincha “ball uslubidagi” yoki “kabarik kelinlik” deb ham ataladi.
Bu fasonning eng katta afzalligi — belni chiroyli ajratib ko‘rsatishi va son hamda qorin qismini vizual tarzda yashira olishidir. Natijada qomat yanada nafis va mutanosib ko‘rinadi.
“Prenses” fasonidagi kelinlik turlari
Bu uslubdagi kelinliklar bel chizig‘i va yubka bichimiga qarab turlicha bo‘ladi.
Bel qismiga ko‘ra
Klassik modellarda yubka aynan beldan boshlanadi.
Pastroq bel bilan ishlangan modellarda esa yubkaning kengayishi biroz pastdan boshlanadi. Bu variant ayniqsa bo‘yi baland kelinlarda juda chiroyli va mutanosib ko‘rinadi.
Yubka turiga ko‘ra
shleyfsiz modelllar
U shaklidagi shleyfli modelllar
uzun shleyfli modelllar
Uzun shleyf obrazni yanada tantanavor va hashamatli qiladi, shleyfsiz variantlar esa qulayroq va yengilroq bo‘ladi.
Kimlarga mos keladi?
“Prenses” fasonidagi kelinliklar ayniqsa romantik, dabdabali va ayollarga xos obrazni xohlaydigan kelinlarga juda mos keladi.
Shuningdek, son qismini yashirish yoki qomatni yanada nozikroq ko‘rsatishni istaganlar uchun ham bu fason juda foydali variant hisoblanadi.
Ayniqsa “nok” shaklidagi qomatda juda chiroyli turadi: hajmli yubka sonlarni yashiradi, bel esa yanada ingichka ko‘rinadi.
Bo‘yi baland kelinlarda yubkaning boshlanish nuqtasi biroz pastroq olinishi mumkin — bu qomat nisbatlarini yanada muvozanatli qiladi.
Ko‘kragi kichikroq kelinlar uchun drapirovkali yoki hajmli ust qismga ega modelllar yaxshi variant bo‘ladi, chunki ular vizual ravishda ko‘krakni to‘laroq ko‘rsatadi.
Agar bel va qorin qismi kengroq bo‘lsa, V shaklidagi yoqa yoki yuqori bel chizig‘iga ega modellarga e’tibor qaratish tavsiya etiladi. Bunday fasonlar qomatni yanada mutanosib ko‘rsatadi.
Qaysi yoqalar bilan yaxshi uyg‘unlashadi?
“Prenses” fasonidagi kelinliklarda yubkaning o‘zi juda e’tiborli bo‘lgani uchun yuqori qism odatda sodda, ammo nafis uslubda ishlanadi.
Eng ommabop yoqalar:
strapless fason
yuraksimon yoqa
V shaklidagi yoqa
yelkasi tushirilgan fason
Ayniqsa strapless va yuraksimon yoqalar “prenses” uslubi bilan birga juda romantik obraz yaratadi.
Qanday matolar ishlatiladi?
Bunday kelinliklarning hajmli yubkasi uchun ko‘pincha tul matosi ishlatiladi. Aynan shu mato havodor va yengil hajm beradi.
Yuqori qism esa turli matolardan tayyorlanishi mumkin:
gipür va dantel
Atlas
Organza
Ziberlin
tul
Bu fason bilan toshli bezaklar, yaltiroq detallar va kashtalar ham juda chiroyli uyg‘unlashadi.
Ichki kiyim qanday bo‘lishi kerak?
Yubka hajmli bo‘lgani uchun odatda to‘liq tortuvchi korsetga ehtiyoj bo‘lmaydi.
Ko‘pincha bel qismigacha bo‘lgan yarim korset yoki yengil korreksion ichki kiyim yetarli bo‘ladi.
Strapless modellarda esa yaxshi ushlab turadigan strapless byustgalter yoki korset tanlash tavsiya qilinadi.
Fata qanday tanlanadi?
Fata odatda kelinlikdagi shleyf uzunligiga qarab tanlanadi.
uzun shleyfli modellarga royal yoki cathedral uslubidagi uzun fatalar
U shaklidagi shleyfli modellarga chapel uslubidagi fatalar
shleyfsiz modellarga esa qisqaroq fatalar mos keladi
To‘g‘ri tanlangan fata butun obrazni yakunlab, kelinlikning hashamatini yanada kuchaytiradi.
Qanday to‘ylarga mos keladi?
“Prenses” fasonidagi kelinliklar ayniqsa katta va hashamatli to‘y marosimlarida juda ta’sirli ko‘rinadi.
Ko‘pincha ular:
mehmonxona to‘ylari
hashamatli banket zallari
katta tantanali marosimlar uchun tanlanadi.
Toshlar, kashtalar va hajmli yubkalar bilan bezatilgan modelllar ayniqsa katta zallarda juda dabdabali va haqiqiy malikaga xos obraz yaratadi.
