Ot dum uslubidagi soch turmagi kelinlar uchun bir vaqtning o‘zida ham nafis, ham qulay variant hisoblanadi. Yozilgan sochlardan farqli ravishda, bunday turmak bo‘yin qismini ochib turadi va sochning teri bilan kontaktini kamaytiradi. Shu sabab to‘y davomida, ayniqsa raqs va faol harakat paytida sochning tez buzilishi yoki shaklini yo‘qotishi ehtimoli ancha past bo‘ladi.
Albatta, bu yerda eng muhim jihat — turmakning professional tarzda va mustahkam qilib ishlanganidir. To‘g‘ri bajarilgan ot dum turmagi butun to‘y davomida o‘z ko‘rinishini deyarli yo‘qotmaydi.
Ot dum soch turmagi kimlarga mos keladi?
Ot dum uslubidagi turmaklar eng ko‘p oval yuz shakliga ega kelinlarga yarashadi. Bunday yuz turi muvozanatli bo‘lgani uchun turli variantlarni bemalol ko‘tara oladi:
baland yig‘ilgan ot dum;
hajmli modelllar;
silliq turmaklar;
jingalakli variantlar;
kakul yoki yuz atrofi pryalari bilan ishlangan uslublar.
Yuraksimon yuz shakliga ega kelinlarda esa keng peshona va tor iyakni vizual muvozanatlash muhim. Shu sabab juda qattiq yig‘ilgan baland turmaklardan ko‘ra, yuzni yumshatadigan kakulli yoki yon pryalik variantlar ancha uyg‘un ko‘rinadi.
O‘rta balandlikda yig‘ilgan ot dum ham yuz proporsiyasini yanada muvozanatli ko‘rsatadi.
Dumaloq yuz shakliga ega kelinlar uchun esa tepasi hajmli modelllar ayniqsa yaxshi variant hisoblanadi. Yengil nachos va yuqoriroq yig‘ilgan turmak yuzni vizual cho‘zib, siluetni nafisroq qiladi.
Bunday turmak past bo‘yli kelinlarga ham juda mos tushadi — hajmli baland ot dum bo‘yni uzunroq va qomatni balandroq ko‘rsatadi.
Ot dum uslubidagi kelin soch turmaklari qanday bo‘ladi?
Bugungi kunda ot dum turmagi faqat oddiy yig‘ilgan soch degani emas. Zamonaviy variantlar romantik, minimalistik, hashamatli yoki erkin uslubda bo‘lishi mumkin.
Eng mashhur modelllar:
jingalakli ot dum;
hajmli variantlar;
teksturali va biroz erkin turmaklar;
silliq va ideal yig‘ilgan modelllar;
o‘rimli variantlar;
Hollywood uslubidagi to‘lqinli turmaklar.
To‘y konsepsiyasiga mos variant tanlash juda muhim.
Tabiat qo‘ynidagi to‘ylar uchun yengil to‘lqinli va o‘rimli modelllar ayniqsa mos;
mehmonxona yoki klassik marosimlar uchun esa silliq, yaltiroq va premium ko‘rinishdagi variantlar ideal;
minimalistik to‘ylarda ortiqcha bezaksiz sodda turmaklar juda nafis ko‘rinadi.
Ot dum turmagi qaysi kelinliklar bilan mos tushadi?
Uzun sochli kelinlar uchun bunday turmak tanlashda eng muhim detal — kelinlikning orqa qismi dizaynidir.
Ot dum uslubi ayniqsa quyidagilar bilan juda chiroyli uyg‘unlashadi:
chuqur V shaklidagi ochiq orqa;
shaffof fatin detallari;
ochiq orqa qismli kelinliklar;
minimalistik modelllar.
Bunday turmak bo‘yin, yelka va orqa qismini chiroyli ochib beradi, shu sabab kelinlik detallari to‘liq ko‘rinadi.
Qisqa sochli kelinlar uchun ham bu uslub yaxshi variant bo‘lishi mumkin, chunki u yuz va yuqori qismni ochib beradi.
Ammo agar kelinlik:
tik yoqali;
halter yoqali;
qayiqcha yoqali bo‘lsa,
sochni pastdan emas, balandroq yig‘ish tavsiya etiladi. Bu yuqori qismni vizual yengillashtiradi va obrazni yanada muvozanatli qiladi.
Ot dum turmagi bilan qanday aksessuarlar mos keladi?
Ot dum turmagining eng katta afzalliklaridan biri — u ziraklarni juda chiroyli ajratib ko‘rsatadi. Yig‘ilgan soch tufayli yuz yanada nafis ko‘rinadi va taqinchoqlar ko‘proq e’tibor tortadi.
Taqinchoq tanlovi kelinlik yoqasiga bog‘liq.
Agar kelinlik:
strapless;
kvadrat yoqa;
U shaklidagi;
V shaklidagi bo‘lsa,
bemalol marjon va zirakdan iborat bridal set ishlatish mumkin.
Yopiq yoqali modelllarda — masalan:
halter;
tik yoqa;
qayiqcha yoqa,
marjondan voz kechib, asosiy urg‘uni zirak va soch aksessuarlariga qaratgan ma’qul.
Ot dum turmagi bilan ayniqsa quyidagilar juda yaxshi uyg‘unlashadi:
toshli zakolkalar;
minimalistik shpilkalar;
marvarid detallari;
nafis va ingichka diademalar.
Bunday aksessuarlar obrazni mukammal to‘ldiradi, lekin soch turmagini ortiqcha og‘irlashtirmaydi.
