To‘y kuni faqat kelin emas, kuyov ham barcha mehmonlarning diqqat markazida bo‘ladi. Shu sabab kuyovlik kostyumi qanchalik muhim bo‘lsa, oyoq kiyim tanlovi ham shunchalik ahamiyatli. Chiroyli, qulay va umumiy obrazga mos tufli — kuyov uslubini yakunlab beradigan eng muhim detallardan biri.
Kostyum fasonidan tortib to‘y o‘tadigan joygacha, aksessuarlardan paypoq tanlovigacha — hamma narsa bir-biri bilan uyg‘un bo‘lishi kerak. Aynan shu detallar obrazni mukammal ko‘rsatadi.
Eng avvalo — qulaylik
To‘y kuni ertalabdan tunning oxirigacha deyarli oyoqda bo‘lishingizni hisobga olsak, tuflining qulayligi uning ko‘rinishidan kam emas. Faqat chiroyli ko‘ringani uchun olingan, ammo oyoqni siqadigan tufli butun kayfiyatni buzishi mumkin.
Shuning uchun kuyov tuflisini tanlayotganda:
oyoqni siqmaydigan;
erkin harakatga halal bermaydigan;
havo o‘tkazadigan;
oyoqni terlatmaydigan modellarga e’tibor berish kerak.
Ichki va tashqi qismi tabiiy charm bo‘lgan, tagligi sifatli modelllar ham chiroyli, ham ancha qulay bo‘ladi. Va eng muhimi — tuflini to‘ydan bir kun oldin emas, oldindan kiyib yurib moslashtirish kerak. “To‘y kuni o‘zi yozilib ketadi” degan umid odatda oyoqdagi og‘riq bilan tugaydi.
Oyoq kiyim va kostyum bir-biriga mos bo‘lishi shart
Tufli — kuyov kostyumining davomidek ko‘rinishi kerak. Shu sabab tanlangan model kostyumning rangi, matosi va uslubiga mos tushishi juda muhim.
Masalan:
klassik qora kostyum bilan laklangan yoki silliq charm tuflilar juda mos tushadi;
kulrang kostyum bilan qora tufli — eng xavfsiz va universal variant;
to‘q ko‘k yoki bej rang kostyumlarda jigarrang charm tufli juda zamonaviy ko‘rinadi;
zamonaviyroq va erkin uslubdagi kostyumlar uchun zamsh yoki mat charm modelllar yaxshi ishlaydi.
Tufli nafaqat kostyum, balki kamar, galstuk, бабочка, zaponka va boshqa aksessuarlar bilan ham uyg‘un bo‘lishi kerak.
To‘y o‘tadigan joy ham tanlovga ta’sir qiladi
To‘y formati va lokatsiyasi tufli uslubini bevosita belgilaydi.
Hashamatli restoran yoki mehmonxona to‘ylarida odatda klassik lak tuflilar tanlanadi. Tabiat qo‘ynidagi, sohil yoki ochiq havodagi to‘ylarda esa yengilroq va erkinroq modelllar ancha mos tushadi.
Masalan:
dala yoki bog‘ to‘ylarida loafer modellari juda yaxshi ko‘rinadi;
zig‘ir kostyum bilan sport uslubidagi tuflilar mos tushadi;
ochiq havodagi marosimlar uchun yengil taglikli modelllar qulay va zamonaviy variant bo‘ladi.
Agar obraz paypoqsiz rejalashtirilayotgan bo‘lsa, shimning uzunligi ham muhim. Bunday holatda shim to‘piqdan biroz yuqorida tugashi va torroq fason bo‘lishi kerak. Aks holda uslubiy obraz o‘rniga “shoshilib chiqqan odam” effekti chiqib qoladi.
Smokin uchun alohida qoidalar bor
Agar kuyov smokin tanlagan bo‘lsa, tufli masalasida klassik qoidalardan chiqmagan ma’qul.
Smokin bilan odatda:
charm taglikli;
ingichka bog‘ichli;
laklangan tuflilar kiyiladi.
Qalin taglikli yoki qo‘pol ko‘rinishdagi modelllar smokinning nafis ko‘rinishini buzishi mumkin. Yana bir foydali detal: charm taglik sirpanmasligi uchun uni oldindan biroz tirnatib qo‘yish amaliy jihatdan juda foydali usul hisoblanadi.
Bo‘y farqini vizual to‘g‘rilash mumkin
Agar kelin kuyovdan balandroq bo‘lsa yoki bo‘ylar deyarli teng bo‘lsa, ichki baland taglikli maxsus tuflilar yaxshi yechim bo‘lishi mumkin. Bunday modelllar tashqaridan bilinmagan holda bo‘yni bir necha santimetr balandroq ko‘rsatadi.
Asosiysi — hammasi tabiiy ko‘rinishi kerak. To‘y kuni “maxfiy bo‘y operatsiyasi” taassuroti kerak emas.
Paypoqni e’tiborsiz qoldirmang
Paypoq kichik detaldek tuyuladi, ammo noto‘g‘ri tanlov butun obrazni buzishi mumkin.
Yaxshi kuyov paypog‘i:
uzunroq bo‘lishi;
oyoqni siqmasligi;
nafas oladigan matodan tikilgan bo‘lishi kerak.
Klassik qora kostyum va qora tufli bilan qora paypoq — har doim ishlaydigan variant. Sintetik materiallardan ko‘ra paxta yoki yupqa jun aralashmali paypoqlar ancha qulay bo‘ladi.
Aynan detallar obrazni qimmat ko‘rsatadi
Tufli tanlayotganda oyoq o‘lchami va shim fasonini ham hisobga olish kerak. Oyoq panjasi kattaroq erkaklarga juda qo‘pol modellardan qochish tavsiya qilinadi — ular obrazni og‘irlashtirib yuborishi mumkin.
Shimning tufli ustida qanday tushishi ham muhim:
tor shimlarda tufli to‘piq atrofida ochiqroq ko‘rinishi kerak;
klassik shimlarda esa shim uchi tuflining ustiga yengil tushib turishi chiroyli ko‘rinadi.
Aynan mana shunday mayda detallar kuyov obrazini yig‘ilgan, didli va haqiqatan ham zamonaviy qilib ko‘rsatadi.
