Orzudagi kelinlikni topish — to‘y tayyorgarligining eng hayajonli, lekin shu bilan birga eng mas’uliyatli bosqichlaridan biri. Ayniqsa individual buyurtma asosida kelinlik tiktirmoqchi bo‘lsangiz, qaysi salon yoki dizayner bilan ishlashingiz juda katta ahamiyatga ega.
Chunki kelinlik shunchaki chiroyli ko‘rinishi emas, balki sizga mukammal o‘tirishi, uslubingizni aks ettirishi va to‘y kuni o‘zingizni ideal his qilishingizga yordam berishi kerak.
Shu sabab prova va dizayn jarayonini boshlashdan oldin kelinlik saloniga to‘g‘ri savollarni berish juda muhim.
“Kelinlik tikayotganingizga qancha bo‘ldi?”
Agar individual tikuv rejalashtirilayotgan bo‘lsa, birinchi navbatda salonning tajribasiga e’tibor berish kerak.
Kelinlik yaratish faqat yaxshi tikuv emas.
Bu:
matoni tushunish;
fason bilan ishlash;
qomatga moslashtirish;
proporsiyani hisobga olish;
detallarni mukammal ishlash degani hamdir.
Shu sabab bemalol so‘rang:
salon necha yildan beri ishlaydi;
oldin qanday modelllar tikishgan;
tayyor ishlardan namunalar ko‘rish mumkinmi.
Va faqat Instagramdagi chiroyli rasmlar bilan cheklanib qolmang. Aslida tayyor ko‘ylakning jonli ko‘rinishi, tikuv sifati va qomatga qanday tushishini ko‘rish ancha muhim.
Yaxshi salon odatda quyidagilarni ham ochiq tushuntirib beradi:
o‘lchov qanday olinadi;
nechta prova bo‘ladi;
butun jarayon qanday ketadi.
Agar javoblar “keyin ko‘ramiz” uslubida bo‘lsa — bu allaqachon ehtiyot bo‘lish kerak degani.
“Mening orzumdagi modelni yaratib bera olasizmi?”
Ko‘pchilik kelinlarning yillar davomida saqlab kelgan “ideal kelinlik” rasmi bo‘ladi.
Lekin bu yerda muhim narsa — shunchaki rasmdagi modelni nusxalash emas. Muhimi, dizayner uni aynan sizga moslashtira olishi.
Yaxshi mutaxassis:
qomat turini;
bo‘y va proporsiyani;
to‘y uslubini;
mato imkoniyatlarini;
qulaylikni hisobga oladi.
Shu sabab oldindan yoqqan modellaringizni ko‘rsatib, quyidagilarni so‘rang:
shunga o‘xshash ishlari bo‘lganmi;
qaysi mato yaxshiroq tushadi;
nimani o‘zgartirish yoki yaxshilash mumkin.
Chunki Pinterestdagi “ideal obraz” va real hayotdagi qulay kelinlik ba’zan umuman boshqa-boshqa narsalar bo‘lib chiqadi.
“Tikuv jarayoni qancha vaqt oladi?”
Kelinlik tikilishi odatda o‘ylangandan ancha ko‘proq vaqt oladi.
Ayniqsa mavsum paytida mashhur salonlarning bandligi juda yuqori bo‘ladi.
Bundan tashqari:
mato buyurtmalari;
qo‘l mehnati;
bezaklar;
qo‘shimcha tuzatishlar ham muddatga ta’sir qiladi.
Shu sabab muddatlarni boshidan aniq kelishib olish kerak.
Bu prova va topshirish jarayonini xotirjam rejalashtirishga yordam beradi va to‘yga yaqin “kelinlik umuman tayyormi o‘zi?” rejimiga tushib qolishdan saqlaydi.
Yana bir muhim jihat: kelinlik katta va nozik kiyim hisoblanadi.
Shu sabab oldindan aniqlashtiring:
kelinlikni to‘ygacha salonda qoldirish mumkinmi;
qanday sharoitda saqlanadi;
bu xizmat narxga kiradimi.
“Nechta prova bo‘ladi?”
Provalar soni model murakkabligi va qomat xususiyatiga qarab farq qiladi.
Ba’zi modellarga ikki prova yetarli bo‘lsa, boshqalari uchun uch yoki to‘rtta prova kerak bo‘lishi mumkin.
Ayniqsa oxirgi prova to‘ydan taxminan bir hafta oldin bo‘lishi juda muhim. Shu vaqt ichida mayda o‘zgarishlarni bemalol to‘g‘rilash mumkin bo‘ladi.
Va albatta oldindan aniqlashtiring:
qo‘shimcha provalar narxga kiradimi;
yoki alohida to‘lanadimi.
Chunki syurprizlar to‘y sovg‘alarida bo‘lgani yaxshi, hisob-fakturada emas.
“Qanday matolar bor va ular narxga qanday ta’sir qiladi?”
Kelinlik narxiga eng katta ta’sir qiladigan narsalardan biri — bu mato.
Bir xil fason turli materiallarda mutlaqo boshqa narxda chiqishi mumkin.
Narxga ta’sir qiladigan detallar:
krujeva;
fatin;
atlas;
qo‘l kashtalari;
matoning sifati.
Masalan:
fransuz krujevasi;
murakkab qo‘l mehnati;
import matolar —
yakuniy narxni sezilarli oshirishi mumkin.
Shu sabab materiallar, farqlar va alternativ variantlar haqida bemalol batafsil so‘rang.
Bu sizga orzudagi obraz va real budjet orasida balans topishga yordam beradi.
“Faqat kelinlik tikasizlarmi?”
Ko‘plab salonlar:
kechki liboslar;
onalar uchun ko‘ylaklar;
dugonalar uchun obrazlar;
opa-singillar uchun liboslar ham tikadi.
Agar hamma uchun bir joyda buyurtma qilish rejalashtirilayotgan bo‘lsa, oldindan so‘rang:
chegirma bormi;
obrazlarni bir uslubda qilish mumkinmi;
jarayon qanday tashkil qilinadi.
Bu ham uslub jihatidan, ham budjet nuqtai nazaridan juda qulay bo‘lishi mumkin.
“Fata narx ichiga kiradimi?”
Ko‘p kelinlar unutadigan eng mashhur detallaridan biri — bu fata.
Ba’zi salonlar uni narxga qo‘shadi, boshqalari esa alohida hisoblaydi.
Shu sabab shartnoma qilishdan oldin albatta aniqlashtiring:
fata narxga kiradimi;
prova kiritilganmi;
tuzatishlar alohida to‘lanadimi;
aksessuarlar narx ichidami.
Chunki “kelinlik narxi” va “kelinlik + yana yigirmata mayda detal” oxirida umuman boshqa summaga chiqishi mumkin.
