Orzuyingdagi kelinlikni tanlayotganda e’tibor berish kerak bo‘lgan eng muhim jihatlardan biri — bu bel kesimi. Chunki bel chizig‘i nafaqat libosning qomatda qanday turishini, balki tana proporsiyasi, siluet va umumiy ko‘rinishni ham bevosita belgilaydi. To‘g‘ri tanlangan bel kesimi bo‘yingni uzunroq ko‘rsatishi, belni yanada nozik ajratib berishi yoki qomatni muvozanatliroq ko‘rsatishi mumkin.
Kelinliklarda ishlatiladigan turli bel kesimlari har bir qomat turiga o‘ziga xos afzallik beradi. Shu sabab faqat trenddagi modellarga emas, aynan o‘zingning tana tuzilishingga mos variantlarga ham ahamiyat berish kerak. Quyida eng mashhur bel kesimli kelinliklar va ular kimlarga ko‘proq mos kelishi haqida gaplashamiz.
Klassik bel kesimli kelinliklar
Tabiiy bel chizig‘iga ega modelllar kelinliklar orasida eng klassik va eng ko‘p tanlanadigan variantlardan biri hisoblanadi. Bu fasonda bel kesimi ko‘krak va son oralig‘idagi tabiiy bel nuqtasida joylashadi.
Bunday model tana proporsiyasini muvozanatli ko‘rsatgani uchun deyarli barcha qomat turlariga mos tushadi. Ayniqsa, nafis va yillar o‘tsa ham dolzarbligini yo‘qotmaydigan obraz istagan kelinlar uchun juda yaxshi tanlov.
Klassik bel kesimi A-siluetdan tortib “prinsessa” uslubidagi hajmli ko‘ylaklargacha ko‘plab dizaynlarda uchraydi. U sodda modellarda ham, dabdabali variantlarda ham birdek chiroyli ko‘rinadi.
Past bel kesimli kelinliklar
Past bel kesimli kelinliklar bel va son qismini mahkam o‘rab, yanada ayollarga xos va jozibali siluet yaratadi. Yubka qismi sonning eng keng nuqtasidan boshlab kengaya boshlaydi va shu orqali tana chiziqlari yanada yaqqolroq ko‘rinadi.
Bunday modelllar ayniqsa nozik qomatli va sonlari tor kelinlarga juda yarashadi. Bel egimini ajratib ko‘rsatishni istaganlar uchun bu juda kuchli variant hisoblanadi.
Lekin bitta jihatni unutmaslik kerak: bu fasonlar odatda torroq bo‘ladi. Ya’ni, to‘y davomida erkin harakat qilish masalasi ham oldindan o‘ylab qo‘yilgani yaxshi. Chunki chiroyli ko‘rinish boshqa, butun oqshom ehtiyotkor yurish esa boshqa masala.
Asimmetrik bel kesimli kelinliklar
Asimmetrik bel kesimida bel chizig‘i tekis emas, balki qiya shaklda ishlanadi. Chiziq bir tomondan pastga tushib boradi va natijada zamonaviy hamda noodatiy ko‘rinish hosil qiladi.
Bu fason ayniqsa qomati nozik va yuqori tana qismi nafis kelinlarda juda estetik turadi. Ammo qorin qismini yashirishni istaganlar uchun unchalik mos emas, chunki bunday kesim aynan bel sohasiga e’tiborni kuchaytiradi.
Agar odatiy variantlardan zerikkan bo‘lsang va boshqalarnikiga o‘xshamaydigan zamonaviy obraz istasang, asimmetrik bel kesimi juda yaxshi tanlov bo‘lishi mumkin.
Yuqori bel kesimli kelinliklar
Empire uslubi deb ham ataladigan bu modellarda bel chizig‘i odatdagi joyda emas, balki ko‘krak ostidan boshlanadi. Odatda ular yengil va oqib tushadigan matolardan tikiladi, shu sabab obraz yanada mayin va romantik chiqadi.
Yuqori bel kesimli kelinliklar bo‘yni va oyoqlarni uzunroq ko‘rsatishda juda yaxshi ishlaydi. Shu bilan birga qorin qismini yashirishni istaganlar uchun ham eng qulay variantlardan biri hisoblanadi.
Hozirda Empire uslubi faqat erkin va havodor modellardagina emas, balki qomatni ko‘proq ajratib turadigan zamonaviy fasonlarda ham faol qo‘llanmoqda.
V shaklli bel kesimli kelinliklar
Bu fason pastga qarab tushuvchi V shaklidagi bel chizig‘i bilan ajralib turadi. Bunday kesim yuqori tana qismini uzunroq ko‘rsatadi va belni yanada aniqroq ajratib beradi.
Ayniqsa “qumsoat”, “teskari uchburchak” va “to‘g‘ri to‘rtburchak” qomat turidagi kelinlarda juda chiroyli ko‘rinadi. Ammo yelkalari tor qizlar ehtiyotkor tanlagani ma’qul, chunki bu fason yelkani yanada torroq qilib ko‘rsatishi mumkin.
Agar yanada ayollarga xos va nafis siluet istasang, V shaklli bel kesimi juda ta’sirli variant hisoblanadi.
Teskari V shaklli bel kesimli kelinliklar
Bu modelda V shakli yuqoriga qarab yo‘naladi. Natijada oyoqlar uzunroq ko‘rinadi va umumiy siluet yanada nozik chiqadi.
Bunday fason ayniqsa nozik gavdali va yuqori tana qismi ixcham kelinlarda juda chiroyli turadi. Ko‘krak, bel va qorin sohasida ortiqcha hajm bo‘lmagan qomatlarga ayniqsa mos tushadi.
Agar zamonaviy, nafis va ingichka siluet yaratishni istasang, teskari V bel kesimli modelllar aynan shunday effekt beradi.
